Toshkent shahrida issiq suv uchun “aqlli” hisoblagichlar bilan bog‘liq vaziyat haqida
Toshkent shahrida issiq suv uchun “aqlli” hisoblagichlar bilan bog‘liq vaziyat haqida
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim nashrlarda issiq suv uchun mo‘ljallangan “aqlli” hisoblagichlar faoliyati muhokama qilinmoqda. Xususan, o‘rnatilgan qurilmalar har doim ham ko‘rsatkichlarni avtomatik tarzda uzatmayotgani haqidagi xavotirlar bildirilmoqda.
Aslida nima bo‘lmoqda
Toshkent shahrining ayrim hududlarida o‘rnatilgan issiq suv hisoblagichlari zamonaviy, ultratovushli raqamli qurilmalar bo‘lib, texnik jihatdan ma’lumotlarni masofadan uzatish imkoniyatiga ega. Ularni tanlash va xarid qilish issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar doirasida amalga oshirilgan. O‘rnatilayotgan barcha qurilmalar amaldagi texnik talab va me’yorlarga to‘liq javob beradi.
Shu bilan birga, ko‘rsatkichlarning avtomatik uzatilishi faqat hisoblagichning o‘ziga emas, balki aloqa infratuzilmasiga ham bog‘liq bo‘lib, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
qabul qiluvchi antennalar;
ma’lumot uzatish kanallari.
Hozirgi bosqichda qabul qiluvchi infratuzilmaning qamrovi hali 100 foizni tashkil etmaydi. Ayrim uy va binolarda:
hisoblagichdan uzatilayotgan signal antennagacha yetib bormasligi mumkin;
binolarning konstruktiv xususiyatlari barqaror ma’lumot uzatilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin;
ayrim hollarda signal qabul qilish sifatiga tashqi radiotexnik sharoitlar, jumladan, simsiz aloqaning barqarorligini pasaytiruvchi obyektlarning joylashuvi ta’sir ko‘rsatadi;
shuningdek, yangi antennalarni ishga tushirish uchun ruxsatnomalar olinishi talab etiladi, bu esa belgilangan tartib-taomillar bilan bog‘liq.
Kompaniya ushbu jarayonni tezlashtirish va barqarorlashtirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Agar ma’lumotlarning avtomatik uzatilishi vaqtincha imkonsiz bo‘lsa, bu hisoblagich “ishlamayapti” yoki “tizim tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayapti” degani emas.
Muhim jihat shundaki, aloqa mavjud bo‘lmagan holatlarda ham hisoblagich iste’mol qilingan issiq suv hajmini to‘g‘ri o‘lchashda davom etadi va ma’lumotlarni ichki xotirasida saqlaydi. Barqaror aloqa tiklangach, jamlangan ko‘rsatkichlar tizimga avtomatik tarzda uzatiladi.
Bunday holatlarda:
hisoblagich axborot bazalarida hisobga olinadi;
ko‘rsatkichlar — telefon orqali, call-markaz orqali yoki iste’molchining murojaati asosida qabul qilinadi.
Nega bunday hisoblagichlarni o‘rnatish o‘zini oqlaydi?
“Aqlli” hisoblagich — bu hisob-kitobning uzoq muddatli raqamli modeliga kiritilgan sarmoyadir.
Ko‘rsatkichlar vaqtincha qo‘lda kiritilayotgan taqdirda ham, bunday qurilmalar:
iste’molni aniqroq hisobga olishni ta’minlaydi;
ko‘rsatkichlarni olishda inson omilining ta’sirini kamaytiradi;
infratuzilma rivojlangani sari uskunani almashtirmasdan avtomatik ma’lumot uzatishga to‘liq tayyor bo‘ladi.
Bu jihatlar ularni eskirgan mexanik hisoblagichlardan tubdan farqlaydi.
Keyingi qadamlar
Ma’lumotlarni qabul qilish tarmog‘ini kengaytirish va raqamli tizimlarni rivojlantirish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Yangi antennalar ulanib borishi bilan tobora ko‘proq hisoblagichlar ko‘rsatkichlarni to‘liq avtomatik rejimda uzatishga o‘tkaziladi.
Ushbu bosqich yakunlangunga qadar:
iste’molchilar uchun qo‘shimcha xarajatlar nazarda tutilmagan;
ko‘rsatkichlarni "qo‘lda" topshirish vaqtinchalik chora hisoblanadi;
hisob-kitoblar amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshiriladi.
Biz aholining fikr-mulohazalari uchun minnatdorchilik bildiramiz va yuzaga kelayotgan savollarni tushunamiz. Barcha murojaatlar qayd etilmoqda va tizimni ustuvor ravishda rivojlantirish hamda xizmatlar sifatini oshirishda inobatga olinadi.